Markaziy bank tijorat banklari faoliyati bo‘yicha navbatdagi monitoringni o‘tkazdi va ulardan “ommaviy oferta” yordamida qo‘shimcha keraksiz xizmatlarni majburlashni to‘xtatishni talab qildi.
Tadqiqot doirasida regulyator ba’zi banklar mobil ilova orqali ma’lum bir xizmatdan foydalanishga harakat qilganda, iste’molchiga avval “ommaviy (bosh) oferta”ni tasdiqlashni taklif qilishini aniqladi. Bunday oferta ko‘pincha ko‘p sonli sahifalardan iborat bo‘lishi mumkin, ular nafaqat insonga zarur bo‘lgan xizmatni, balki bank tomonidan mobil ilova orqali taqdim etiladigan barcha xizmatlar bo‘yicha shartlar yoki shartnomalarni ham qamrab oladi.
Natijada mijoz “bosh oferta”ni qabul qilganda, u nafaqat foydalanishni rejalashtirgan xizmatga, balki unga kerak bo‘lmagan boshqa xizmatlarga ham rozi bo‘ladi. MBning qayd etishicha, qoida tariqasida, iste’molchilar mobil ilovadagi shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqmaydi yoki uning mazmunini to‘liq tushunmasdan rozilik beradilar, bunda ular faqat o‘zlari tanlagan xizmat shartlariga rozi ekanliklarini taxmin qiladi.
Foydalanuvchilarning e’tiborsizligidan foydalanib, ayrim banklar bir nechta xizmatlari bo‘yicha shartlarni “bosh oferta” ko‘rinishida birlashtiradi va shu yo‘l bilan mijozdan birdaniga bir nechta xizmatga rozilik oladi. Keyinchalik bu bank va iste’molchi o‘rtasida nizolarga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda mijoz: “men ofertaga rozi bo‘lganimda bu xizmatni so‘ramaganman” yoki “menga o‘shanda boshqa shartlarga ham rozi bo‘lganim aytilmoqda”, deya e’tiroz bildiradi, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Markaziy bank foydalanuvchining kredit kartasidan qarzdorlik muddati tugagan va ba’zi banklar uni avtomatik ravishda bloklab qo‘ygan holatlarni ko‘rib chiqdi. Bunda, agar bunday kartaga pul mablag‘lari kelib tushsa, ulardan bank komissiyasi ushlab qolinadi. Regulyatorning ta’kidlashicha, bunday harakatlar adolat va oqilona yondashuv tamoyillariga zid bo‘lib, iste’molchilarning qonunchilikda belgilangan huquqlari buzilishiga olib keladi.
Markaziy bank bunday amaliyotlarni o‘z mohiyatiga ko‘ra insofsiz deb baholashini ta’kidladi, shu munosabat bilan regulyator barcha tijorat banklaridan quyidagi bandlarni bajarishni talab qildi:
- faqat tanlangan xizmat doirasida, aniq va shaffof tarzda takliflarni taqdim etish;
- mijozlar bilan muzokaralarda o‘zining ustun mavqeini suiiste’mol qilmaslik;
- komissiyalarni tuzishda adolat va oshkoralik prinsiplariga qat’iy rioya qilish.
Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartirmagani xabar qilingandi. Qaror inflyatsiyaning barqaror pasayishini va xatarlarni minimallashtirishni ta’minlashi kerak.





















