Madaniyat vazirligi O‘zbek Nazarbekov ishtirokidagi rolikni ilm-fanga uzviy bog‘langan foydali ma’lumot deb atadi
Idora vazirning reklamada ishtirok etganini qat’iyan rad etib, hech qanday foyda bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.

Madaniyat vazirligi vazir Ozodbek Nazarbekov ishtirokidagi reklama roligi haqidagi ma’lumotga izoh berib, uni ilm-fanga uzviy bog‘langan va foyda olishga yo‘naltirilmagan ijtimoiy foydali ma’lumotlar ifodasi deb atadi.
Avvalroq O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qo‘qon universitetining reklama roligida ko‘rinish bergani haqida xabar berilgandi. Bunga javoban Madaniyat vazirligi bugungi kunda davlat darajasida ta’limga, jumladan, xorijiy tillarni o‘rganish va kasb-hunar egallashga katta e’tibor qaratilayotganini eslatdi. Shu bois prezident vazirlik va idoralar rahbarlariga har oy kamida bir marta mahalla va xorijdagi yoshlar bilan muloqot qilib, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Jumladan, 2025-yil 17-aprel kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kokand University Andijon filiali talabalari va Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 150 nafardan ortiq yoshlar bilan uchrashuv tashkil etdi.
Uchrashuvdan so‘ng ushbu nodavlat oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan bir guruh yoshlarning taklifiga ko‘ra, ularga ta’lim muassasasidagi shart-sharoitlar va o‘qish imkoniyatlari haqida yoshlarni xabardor qilish topshirildi. Natijada vazir Ozodbek Nazarbekov videorolik tayyorlab, unda yoshlarga ushbu imkoniyatdan foydalanib, ta’lim olishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, vazirlik reklama to‘g‘risidagi qonun fan, adabiyot yoki san’at asarlarining ajralmas qismi bo‘lgan va o‘z-o‘zidan reklama axboroti hisoblanmaydigan tovarlar, ularni individuallashtirish vositalari, tovarlarni ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi to‘g‘risidagi eslatmalarga nisbatan tatbiq etilmasligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan berilgan 2025-yil 4-fevraldagi 602319-sonli litsenziyaga asosan “Qo‘qon davlat universiteti” mas’uliyati cheklangan jamiyati oliy ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatadi.
“Madaniyat vazirligi yoki vazir Ozodbek Nazarbekov va “Qo‘qon davlat universiteti” MCHJ o‘rtasida reklama tarqatish sohasidagi ishlar va xizmatlarni bajarish bilan bog‘liq hech qanday shartnomalar tuzilmagan, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar esa foyda olishga yo‘naltirilmagan, ilm-fanga uzviy bog‘langan ijtimoiy foydali ma’lumotlardir”, — deya xulosa qildi vazirlik.
Avvalroq 2023-yilning may oyida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning noqonuniy biznesi aniqlangani haqida xabar berilgandi. Aksilkorrupsiya vaziyat bilan qiziqdi. Shov-shuvdan so‘ng, ta’sischi o‘zgartirildi.
Izohlar