O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab kam ta’minlangan oilalar yoshlari uchun bir qator imtiyozlar, jumladan, bepul xizmat o‘tash va kontraktning bir qismini to‘lash joriy etiladi, deyiladi hukumat qarorida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangiliklar 2026-yil 1-fevraldan kuchga kiradi. Jumladan, kam ta’minlangan oilalarga mansub, tegishli daftarlarga kiritilgan yoshlar uchun safarbarlik chaqiruvi reestrida xizmatni o‘tash bepul bo‘ladi. Bunda ilgari amal qilgan subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi.

Bundan tashqari, professional va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchilariga “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy kontrakt shartlarini bajarish darajasini hisobga olgan holda to‘lov-kontrakt qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan qismi to‘lab beriladi. Bunda to‘lovlar summasi bir o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi kerakligi qayd etilgan.

Shuningdek, hukumat yoshlarga A, B, D va DE toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun haydovchilarni tayyorlash kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar berishni rejalashtirmoqda. Bunda bir kishi bir yilda ko‘pi bilan ikki marta turli ijtimoiy yordamlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonda bolalar uchun to‘garak xarajatlarining 80 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi haqida xabar berilgan edi. Opsiya kam ta’minlangan oilalar uchun mavjud bo‘ladi.