O‘zbekiston

“Jinoyatni rag‘batlantirishdek insoniylik”: Alisher Qodirov ayollarga nisbatan jazoni yengillashtirish imkoniyatini bekor qilish tarafdori

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi jazoni yengillashtirish ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning ko‘payishiga sabab bo‘layotganini taxmin qildi.

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ayollarga nisbatan jinoiy jazo kamaytirilayotganiga e’tibor qaratib, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.

Deputat bog‘chada ikki yoshli bolani qiynab o‘ldirgan tarbiyachi va bog‘cha metodistkasi bilan bog‘liq vaziyatni misol qilib keltirdi.

“2 yoshli bog‘cha bolasining o‘limiga sabab bo‘lgan tarbiyachi ayolga 6 yil qamoq! Jinoyat kodeksining 50-moddasiga muvofiq, jinoyatchi faqat ayol bo‘lgani uchun jazo muddatining 3 dan 2 qismi belgilanadi. E’tibor bering, har qanday ayol, har qanday jinoyat uchun, hatto qasddan odam o‘ldirgan, buni takroran qilgan xavfli residivist bo‘lsa ham, shu moddaga muvofiq, jazo muddatining 3 dan 2 qismi beriladi. Jinoyatni rag‘batlantirishdek insoniylik! Balki shu sabab ayollar orasida jinoyatchilik oshib borayotgandir”, — deb yozdi siyosatchi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Alisher Qodirovning ta’kidlashicha, partiya tegishli qonunni soha mutaxassislari bilan muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, deputat ta’lim-tarbiya sohasida ishlash qanchalik og‘irligini inobatga olib, soha xodimlarining pensiya yoshini 50 yoshga tushirish, pensionerlarning bolalar bilan bevosita ishlashini cheklash haqida o‘ylab ko‘rishni taklif qildi.

“Bu bolalar xavfsizligi uchun zarurat, shu bilan birga, sohada qon almashinuvini tezlatish, tarbiya va ta’limga zamonaviy qarashlarni tezroq kirishi uchun ham kerak”, — dedi “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi xususiy bog‘chada yuz bergan fojia haqidagi xabarga jamoatchilik keskin munosabat bildirgandi. Faollar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, shuningdek, bolaga nisbatan shafqatsiz jinoyat sodir etgan ayollar uchun jazoni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная