O‘zbekistonda 24-dekabrga qadar noqulay ob-havo saqlanib turishi mumkin, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda va ayniqsa Toshkent shahrida mayda dispers zarrachalar miqdori ortib bormoqda. O‘zgidromet tomonidan olib borilayotgan doimiy monitoring natijalariga ko‘ra, bu holat bir vaqtning o‘zida kuchaygan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq:
- Birinchi omil — haroratning keskin o‘zgarishi va inversiya. Bu hafta havo harorati tez o‘zgardi. Issiq kunlardan sovuq kunlarga o‘tishda inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon sodir bo‘ladi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, iliq havo yuqorida qoladi va havo qatlamlari aralashmaydi. Shuning uchun mayda dispers zarrachalar havoning pastki qatlamida to‘planadi va qisqa vaqt ichida ularning konsentratsiyasi keskin ortadi. Bu jarayon Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabrdan fevralgacha kuzatiladi.
- Ikkinchi omil — yog‘ingarchilikning yo‘qligi. Sinoptiklarimiz ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshidan buyon Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘magan, yog‘ingarchilik miqdori esa iqlimiy me’yordan ancha kam. Yog‘ingarchilikning yo‘qligi mayda dispers zarrachalarning havodan tabiiy ravishda yuvilib ketishiga to‘sqinlik qiladi va ularning atmosferada uzoq vaqt saqlanishiga olib keladi.
- Uchinchi omil — qurg‘oqchil jarayonlar va tabiiy changlanishning kuchayishi. O‘zbekiston tabiiy qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil iqlimda joylashgan. BMT ekspertlari ushbu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng jadal kechadigan joylardan biri sifatida qayd etishmoqda. Arid jarayonlar, o‘simliklar qoplamining qisqarishi va global isish ta’sirida shamol ta’sirida tabiiy changlanish kuchaymoqda. Shuning uchun bu yil changlanish odatdagidan kuchliroq bo‘ldi, hatto kuchsiz shamolli kunlarda ham, bu esa PM10 ko‘rsatkichining oshishiga olib keldi.
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, sodir bo‘layotgan inversiya jarayoni 24 noyabrgacha davom etishi mumkin. Bu vaqtgacha mayda dispers zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib qolishi tabiiy va mavsumiy hodisadir. Keyinchalik, ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi. Ayni paytda mahalliy hokimliklar, kommunal xizmatlar va mas’ul idoralar tomonidan muammoni hal etish bo‘yicha quyidagi amaliy ishlar olib borilmoqda:
- ko‘cha va yo‘llarni namlash; yashil maydonlarni qo‘shimcha sug‘orish;
- jamoat joylarini namlab tozalash;
- aholiga tavsiyalar berish;
- atmosfera havosi holatining doimiy monitoringi.
Shuningdek, mutaxassislar kuzatilayotgan holat tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy xarakterga ega ekanligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan barcha vakolatli davlat organlari o‘z hududlaridagi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib boradi va zarur hollarda aniq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Avvalroq sinoptiklar kelgusi qish uchun mavsumiy ob-havo prognozini taqdim etgandi. Qish iliq kelishi kutilmoqda, uch oyning ikkitasi me’yordan issiqroq bo‘lishi kutilmoqda.





















