Eski transformator va 90-yillardagi omonat ko‘prik: senator Farg‘ona viloyatida aholining shikoyatlarini o‘rgandi
O‘zbekiston tumani hokimidan muammoni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani haqida izoh so‘raldi.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qo‘zixonova O‘zbekiston tumani aholisi bilan suhbatlashib, infratuzilma bilan bog‘liq bir qator muammolarni aniqladi va shu munosabat bilan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qanday ishlar olib borilayotganini tushuntirib berishni so‘rab, tuman hokimiga so‘rov yubordi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hududida ariq ustiga qurilgan 2 ta piyodalar ko‘prigi yaroqsiz holga kelgan. Ushbu ko‘priklar “Kichik Oqmachit” mahallasi aholisi uchun Olmazor ko‘chasiga o‘tish yo‘li bo‘lib xizmat qilgan va ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda taxtalardan qurilgan. Ayni paytda 350 dan ortiq oila, jumladan, bolalar ko‘priklardan muntazam foydalanmoqda. Shu munosabat bilan aholi ko‘priklar bo‘ylab yengil va yuk avtomobillari harakatlanishi uchun ularni zamonaviy ta’mirlash muhimligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, mahalliy aholi Olmazor ko‘chasidagi 160 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan transformatorning eskirganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, u 1991-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 100 ta xonadonga mo‘ljallangan va hozirda ortiqcha yuklama tufayli tez-tez nosozliklar yuzaga kelib, kuchlanish belgilangan me’yordan pasayib ketayotgani ham aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan senator Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hokimi Ravshanbek Begmatovdan tumanning “Kichik Oqmachit” MFYni Olmazor ko‘chasi bilan bog‘lovchi ko‘priklarni ta’mirlash hamda aholini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab, senator so‘rovi yubordi.
Avvalroq Toshkent viloyatidagi maktabda o‘quvchilar hokim qarori bilan 7 yilga sport zalidan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi. Senator Malika Qodirxonova mas’ul idoralardan vaziyatni o‘rganishni so‘ragan.
Izohlar