Energetika vaziriga elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan senator so‘rovi yuborildi
Uzoq muddatli elektr uzilishlari tufayli iste’molchilar ko‘plab zarar ko‘rmoqda.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Toshkent shahrida energiya ta’minotidagi uzilishlar davom etayotgani munosabati bilan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
Abdukarimova so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar ko‘payib borayotgani, bu esa aholining kundalik hayoti, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Aholi va tadbirkorlar elektr ta’minotidagi 3-4 soatlik uzilishlar nafaqat fuqarolarning kundalik hayotiga, balki tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar bilan murojaat qilishmoqda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlarining barqaror ishlashida ham muammolar yuzaga kelmoqda.
Masalan, svetoforlar ishidagi uzilishlar yo‘l harakatini tartibga solishni qiyinlashtiradi, bu esa uning xavfsizligiga tahdid soladi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish va savdo obyektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqish holatlari qayd etilmoqda, bu esa katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Turar-joy binolarida elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli maishiy texnika buzilishlari kuzatilmoqda.
“Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga ko‘ra, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr energiyasi olish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu Qonunning 61-moddasida ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqat baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.
Avvalroq Toshkentda yoritish bilan bog‘liq muammolar uchun aybdorlar topilgani va jazolangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” rahbari ham tekshiruvdan o‘tkazilib, intizomiy jazoga tortildi.
Izohlar