Ekologiya vazirligi Chorvoq suv omboriga oqova suvlar oqizilganini tekshirdi
Mutaxassislar butun hududni o‘rganib chiqishdi va bir nechta suv namunalarini olishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoq suv omboriga oqova suvlar oqizilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya vazirligi holatga izoh berdi.
Bu kabi murojaatlardan so‘ng voqea joyiga bir necha idora mutaxassislari yetib borib, vaziyatni atroflicha o‘rgangan. Tekshiruv davomida Chorvoq suv omborining kuzatuv maydonchasiga bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tomonidan sug‘orish uchun ishlatilgan suvlar oqizib yuborilgani aniqlandi.
Batafsil tahlillardan so‘ng viloyat Ekologiya boshqarmasi va hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyalari ishga jalb etildi. Mutaxassislar quvurdan suv namunalarini olishdi va dastlabki kimyoviy tahlillar natijalariga ko‘ra, suvda ifloslantiruvchi moddalar topilmadi. Mutaxassislarning aniqlashicha, suvning tarkibi SanQvaM 0083-24 talablariga javob beradi.
Qayd etilishicha, hududda “Chimyon-Chorbog‘ suv tarmog‘i” AJga qarashli oqova suvlarni markazlashgan holda qabul qilishga mo‘ljallangan “Bahacho‘l” oqova suv kollektori ishlab turibdi. Ushbu kollektor suv ombori yaqinida joylashgan 550 ta I toifali abonentlar (aholi), 4 ta II toifali abonentlar (byudjet tashkilotlari) va 38 ta III toifali abonentlar (byudjetdan tashqari yuridik shaxslar) ning oqava suvlarini Chirchiq shahridagi tozalash inshootlariga yo‘naltiradi. Qayd etilishicha, oqova suvlar tuzilgan shartnomalar asosida muntazam ravishda ushbu kollektorga chiqarib yuboriladi.
Mutaxassislar Chorvoq suv omborining butun perimetrini o‘rganib chiqishdi va suv omboriga oqova suvlarni tashlash faktlarini, shuningdek, ularning suv omboriga quyiladigan har qanday suv oqimlari bo‘yicha tushish belgilarini aniqlamadilar. Shuningdek, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va ularning texnik holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni, suv ombori gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va texnik holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash imkoni bo‘lmadi.
Shu munosabat bilan boshqarma Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omboriga oqova suvlar oqizilgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmaganini ta’kidladi.
Avvalroq “O‘zgidromet” Toshkent kanallaridagi suv holati bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni taqdim etgani, ayrim kanallarda suv yomonlashgani haqida xabar berilgandi. Toshkentning qaysi suv kanali eng iflos ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Izohlar