Chorvoqdagi Sea Breeze kurorti loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi
Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, ayni paytda idora loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlarni olmagan.

23-iyul kuni Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida nutq so‘zladi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Vazirning ta’kidlashicha, hozircha vazirlik loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlarni olmagan.
“Bu hozir, ochig‘ini aytganda, faqatgina bizga norasmiy ravishda og‘zaki aytilyapti. Shuning uchun biz iltimos qildikki, hujjatni olib kelsin. Hujjat bo‘lgandan keyin biz o‘zimizning ham, Qurilish vazirligi, Suv xo‘jaligi, o‘zining tegishli inspeksiyalari, Ekologik ekspertiza markazi, hamma tegishli vazirlik va idoralar o‘zining e’tirozlarini yoki o‘zining takliflarini bildira oladi”, — dedi Abduhakimov.
Vazir tashabbusning mazmunini o‘rganmasdan turib, uni amalga oshirishdan muddatidan oldin voz kechmaslik kerakligini ta’kidladi.
“Hozir hali hujjat yo‘q, biz „yo‘q, bo‘lmasin“, deb turibmiz-da. O‘zi hujjat kelsin oldin. Bir narsaga o‘zi „yo‘q“ deyishdan oldin shu narsa paydo bo‘lishi kerak-da. Hali bizda taklif ham yo‘q, hujjat ham yo‘q, lekin biz „yo‘q“ deyapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ekologiya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar loyiha rasman taqdim etilsa, u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi va hech kim buni yashirmoqchi emas. Shuningdek, u tadbirkor va Agalarov Development rahbari Emin Agalarovning O‘zbekistonga taklifiga izoh berdi.
“Respublikaga taklif etilgan developer o‘zidan-o‘zi kelib unaqa qilmayapti bu yerda. Kelib, o‘zidan-o‘zi „Mana, men shu Chorvoqda quraman“, degan gap yo‘q. Uni, aksincha, tajribali bo‘lganligi uchun, u juda ham bir ekologik standartlarga javob beradigan qurilishlarni qilganligi uchun ham O‘zbekistonga taklif etilyapti. Bo‘lmasam, o‘zining juda unaqa bir katta xohishi yo‘q, uning mingta taklifi bor. Hozir mana, kim eshitgan bo‘lsa, uni hozir Qirg‘iziston ham chaqiryapti, Qozog‘istonda ham uning takliflari bor, Turkiyada mana juda katta loyihalarni amalga oshiryapti. Hozir mana Chernogoriyaga borib qilaman, deyapti”, — dedi vazir.
So‘zining yakunida vazirlik boshlig‘i jamoatchilikni erta baho berishdan tiyilishga chaqirdi.
“Bizlar oldin bir ko‘raylik taklifini „yo‘q“ deyishdan oldin. Oldin taklifini bersin, ko‘raylik o‘zi nima taklif qilayotganini. Hali ko‘rmasdan turib „yo‘q“ deyishimiz, menimcha, bu aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsa”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Ekologiya vaziri, shuningdek, Toshkentda Sea Breeze Uzbekistan ofisining ochilishiga izoh berdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Sea Breeze va Sea Breeze Uzbekistan turli loyihalar.
“To‘g‘risini aytsam, Sea Breeze Uzbekistan ofisi ochilganini men ham ko‘rdim, faqat OAVdagi rasmda. Keyin bugun mashinada ketayotganimda M-1 da ochilganini ko‘rdim. Men ham xuddi siz kabi bu yer qanaqa joy ekaniga qiziqdim. Ular menga bu o‘z loyihalarida taklif qilingan kvartiralar sotiladigan ofis ekanini tushuntirishdi. Ya’ni o‘zbekistonliklarni u yerdan uy sotib olishga taklif qilmoqda. Lekin hozircha ularning O‘zbekistonda sotishga haqi yo‘q — na yer, na loyiha. Balki kimdir his-tuyg‘u bilan nimadir yozgandir. Albatta, ular o‘zlarini qanday xohlasa, shunday nomlashga haqli. Balki bo‘lim ochishgandir yoki kelajakda nimadir qilish umidida yaxshi niyat qilgandir. Menda bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q”, — dedi Abduhakimov.
Avvalroq Chorvoq sohilida ozarbayjonlik milliarderning dam olish maskani qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Sea Breeze loyihasi umuman ekologik ekspertizadan o‘tmagan va jamoatchilik tomonidan ma’qullanmagan.
Izohlar