O‘zbekiston hukumati gaz plitalari o‘rniga elektr plitalari bilan jihozlangan uylarda yashovchilar uchun elektr energiyasi tariflarini pasaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tariflar gaz quvurlariga ulanmagan va markaziy isitish o‘rniga elektr isitish tizimi bilan jihozlangan ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarga ta’sir qiladi. Shuningdek, gazlashtirilmagan hududlarda suyultirilgan gaz yoki ko‘mirni imtiyozli narxlarda olmaydigan maishiy iste’molchilarga ham chegirmalar tatbiq etiladi.

Xususan, isitish mavsumida 2000 kVt/soatgacha iste’mol qilganda, bunday abonentlar maishiy iste’molchilar uchun amaldagi tarifdan 50 foizga kam to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, yilning qolgan davrida pasaytirilgan narxlar uchun oylik limit 1000 kVt/soatni tashkil etadi. Shunday qilib, isitish mavsumida tariflar quyidagicha bo‘ladi:

  • dastlabki 200 kVt⋅soat uchun 600 so‘mdan 300 so‘mgacha;
  • 201-500 kVt⋅soat uchun 800 so‘mdan 400 so‘mgacha;
  • 501-1000 kVt⋅soat uchun 1000 so‘mdan 500 so‘mgacha;
  • 1500 so‘mdan 750 so‘mgacha 1001-2000 kVt/soat.

Shu bilan birga, isitish mavsumidan tashqari:

  • 200 kVt/soatgacha 600 so‘m o‘rniga 300 so‘m;
  • 201-500 kVt/soat uchun 800 so‘m o‘rniga 400 so‘m;
  • 501-1000 kVt/soat uchun 1000 so‘m o‘rniga 500 so‘m.

Qayd etilishicha, o‘zgartirishlar idoralararo dastlabki kelishuvdan o‘tkazilgan. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan elektr tarmoqlari qo‘shimcha yuklamani qabul qila olishi yoki olmasligi yuzasidan texnik audit o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” xodimlari tomonidan qo‘shimcha tahlillar o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar natijalari bo‘yicha mutaxassislar yakuniy xulosa tuzishi, uning asosida mas’ul davlat organlari tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi rejalashtirilgan.

Idora yangi chora-tadbirlar O‘zbekistonda energiya iste’moli madaniyatini oshirishga yordam berishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlikning ma’lum qilishicha, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda ovqat tayyorlash va isitish tizimlarini to‘liq elektrlashtirish va shu orqali cheklangan resurslardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida xorijiy davlatlar tajribasi asosida an’anaviy energiya manbalarini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga almashtirish rejalashtirilgan.

Avvalroq Toshkentda elektr energiyasini saqlash tizimi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Texnologiyalar elektr energiyasini to‘plash va keyinchalik foydalanish uchun qayta yo‘naltirish imkonini beradi.