18-dekabr kuni Toshkent prokuraturasi Akmal Shukurov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi qaroriga protest kiritdi.
Toshkent shahar sudining uch nafar sudyadan iborat tarkibdagi nazorat hay’ati tomonidan prokuratura protesti qanoatlantirilib, apellyatsiya instansiyasi sudining hal qiluv qarori bekor qilingan, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgartirilgan.
Sud firibgarlik moddasi bo‘yicha jazoni yengillashtirib, ozodlikdan mahrum qilish o‘rniga 5 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi. Badanga og‘ir shikast yetkazish moddasi bo‘yicha — besh yil, bezorilik moddasi bo‘yicha — uch yil ozodlikdan mahrum qilish.
Jinoyat-protsessual tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bir nechta ayblov moddalari bo‘yicha jazolarni qo‘shish bilan Akmal Shukurov o‘talgan jazo va tergovda o‘tgan vaqtni hisobga olgan holda 5 yil 3 oy 12 kunga ozodlikdan mahrum qilindi.
Akmal Shukurov Oliy sud orqali sud hukmi ustidan nazorat tartibida shikoyat berishi va yengilroq jazo berilishini so‘rashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 24-oktyabr kuni Akmal Shukurov firibgarlikda aybdor deb topildi — u tanishiga 215 ming dollarga uchta mikroavtobus yetkazib berishni va’da qilib, faqat ikkitasini olib kelgan va 191 ming dollarni o‘zlashtirgan. Yana ikkita ayblov moddasi, bezorilik va og‘ir tan jarohati yetkazish, Tower mehmonxonasi yaqinidagi shov-shuvli voqealar bilan bog‘liq, Akmal Shukurov marmar polga boshi bilan yiqilib, ikki hafta davomida koma holatiga tushib qolgan Boris Avakyanni kaltaklagan, unga neyrojarrohlik amaliyoti zarur bo‘lgan.
Voqeadan so‘ng Akmal Shukurov Qozog‘iston orqali qochib ketgan, u yerda mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan va tergov ostida vataniga ekstraditsiya qilingan. U umumiy tartibli koloniyada 8 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
9-dekabr kuni Toshkent apellyatsiya sudi hukmdan norozi bo‘lgan Akmal Shukurovning talabi bo‘yicha sud majlisi o‘tkazdi. Ikkinchi instansiya sudi aybiga qisman iqror bo‘lish, qilmishiga pushaymon bo‘lish, jabrlanuvchilarning moddiy va ma’naviy da’volari yo‘qligi, muqaddam sudlanmaganligi, shuningdek, jabrlanuvchilarning sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni talab qilishini yengillashtiruvchi holatlar deb topdi. Ikkinchi sud 3 yil-u 3 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinladi, Shukurov sud zalidayoq ozodlikka chiqarildi. Shundan so‘ng prokuratura sud qaroriga protest kiritgan.




















