Afg‘onistonda birinchi o‘zbek taomlari restorani ochildi
Restoran qurilishi va bezatilishi uchun zarur bo‘lgan barcha materiallar O‘zbekistondan olib kelingan.

Afg‘oniston poytaxtida birinchi o‘zbek milliy taomlari restorani ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Restoran O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tadbirkor va uning turmush o‘rtog‘i tomonidan ochilgan. Kobulda 2 mingdan ortiq turli restoranlar, kafelar va tez ovqatlanish shoxobchalari faoliyat yuritadi. Biroq shu paytgacha mamlakatda o‘zbek milliy taomlari restoranlari mavjud emas edi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning milliy brendlarni, jumladan, o‘zbek oshxonasini xorijda targ‘ib qilish zarurligi haqidagi tashabbusi ushbu muassasani ochish g‘oyasini ilhomlantirgan. Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda ushbu loyihani amalga oshirishga qaror qildi.
E’tiborlisi, restoran qurilishi va bezatilishi uchun zarur bo‘lgan barcha materiallar O‘zbekistondan olib kelingan. Bino peshtoqiga “O‘zbek milliy taomlari” yozuvi tushirilgan. Kafening ichki qismi o‘zbek milliy matosi — adras bilan bezatilgan.
Restoranning tantanali ochilish marosimida Kobul shahrida istiqomat qiluvchi o‘zbek millatiga mansub aholi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan afg‘on tomoni restoran ochilishini yuqori baholab, O‘zbekiston va mamlakat Prezidentiga ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda ayollar tomonidan yozilgan kitoblar taqiqlana boshlangandi. Shuningdek, eronlik mualliflarning yoki Eronda nashr etilgan kitoblar ham taqiqqa uchradi.
Izohlar