Xorazm viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati katta tezkor xodimini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Qo‘lga olingan shaxs fuqaroga hokimlikdagi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Xiva shahridan dehqonchilik uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurishga ruxsat olib berishni va’da qilgan. U 30 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (O‘ta ko‘p miqdorda firibgarlik) va 288-moddasi orqali 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Uni qamoqqa olishdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda muqaddam sudlangan advokat pora bilan qo‘lga tushgandi. Advokat fuqaroga tanishlari orqali jinoiy ish bo‘yicha jazoni yengillashtirishga va’da bergan.





















