Toshkent, Samarqand va Sirdaryoda advokatlar katta miqdorda pora olayotganda qo‘lga tushdi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Shu tariqa, poytaxtda 5 ming dollar olgan muqaddam sudlangan advokat qo‘lga olindi. U jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchidan 10 ming dollar talab qilib, sud tizimidagi tanishlari orqali jinoiy moddalardan birini olib tashlash va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashga yordam berishni va’da qilgan.

Samarqandda mahalliy advokatlik firmasi advokati 4 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. U jinoiy sudda ko‘rib chiqilayotgan ish bo‘yicha ayblanuvchiga sudlardagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlashda yordam berishni va’da qilgan.

Bunday qonunbuzarlik Sirdaryo viloyatida ham aniqlangan. Guliston shahrida advokatlik byurosining advokati Oqoltin tumanida shirkat rahbaridan 1500 dollar olgan vaqtida ushlandi. Advokat 450 mln so‘mlik dori vositalarini olgan va ularni to‘lamagan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga ko‘maklashishga va’da bergan.

Uch nafar advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 211-28-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo va Namanganda amaldorlar va tezkor xodim katta miqdorda pora bilan qo‘lga olingandi. Aybdorlar qamoqxonada uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.