Hodisa

“Uch qahramon” bozoridagi yong‘in yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Aybdorlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Toshkent viloyatida “Uch qahramon” bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi Bobur To‘laganov.

Hodisa 11-avgustga o‘tar kechasi soat 02:22 da Toshkent viloyatidagi “Uch qahramon” bozorida sodir bo‘lgan. Yong‘inni bartaraf etish uchun 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 03:24 da qurshab olinib, 04:46 da o‘chirilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Qayd etilishicha, bozorning umumiy maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etib, mutaxassislar 12 ming kvadrat metr maydonda joylashgan savdo shoxobchalarini yong‘indan saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «b» bandi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aybdorlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Hozirda tartib posbonlari tomonidan tergov harakatlari olib borilib, hodisa sabablari aniqlanmoqda.

Avvalroq Surxondaryoda savdo markazi yonib ketgani haqida xabar berilgandi. Qutqaruvchilar yong‘inni deyarli besh soat davomida o‘chirishgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная