Toshkentda ta’mirlash ishlari tufayli yo‘l yopilishi kutilmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 3-8-iyul kunlari Toshkent shahri Bektemir tumani hududidan o‘tuvchi A-373 “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining 0-3 km qismida asfalt-beton qoplama yotqizish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan mutaxassislar bir tomonlama harakatni yopadi.

Haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahridan Ohangaron shossesiga 47-kilometrdan (“Rohat” aylanma yo‘li) Qo‘yliq yo‘nalishi bo‘yicha “Toshkent halqa avtomobil yo‘li” D001 orqali chiqiladi. Bundan tashqari, Toshkentga Yuqori Chirchiq tumani tomonidan kirish yo‘li D012 “Bektemir—Chirchiq, G‘azalkent—Chorbog‘ qishlog‘i” avtomobil yo‘lining 6-kilometridan Yik-Ota va Farg‘ona yo‘li tomon yo‘naltiriladi.

Avvalroq Toshkentda “Rohat” yopilgani sababli bir nechta avtobuslarning yo‘nalishi o‘zgargani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, mutaxassislar aholini ehtimoliy tirbandliklar va harakat cheklanishidan ogohlantirgan.