Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bo‘lajak kuyov kelinning ota-onasining uyini aldov yo‘li bilan sotib yuborgani haqida xabar tarqaldi. IIBB hodisaga izoh berdi.

Jabrlanuvchi qiz Jamila Olimboyevaning aytishicha, firibgarlik bitimida uning sevgilisi va bloger Sanjar Karimov (Real Sanjik) ishtirok etgan. Jabrlanuvchining ayblanuvchi bilan munosabatlari 2023-yilda boshlangan. Ota-onalarning bir nechta uchrashuvlaridan so‘ng, tomonlar to‘yni 2024-yil sentyabr oyida o‘tkazishga kelishib olgan.

Biroq to‘ydan bir oy oldin kuyov moliyaviy muammolari borligini aytib, pulni tanishi — Sanjar Karimovdan garov evaziga olishni taklif qilgan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, gap 12 kunga mo‘ljallangan vaqtinchalik bitim haqida ketayotgani sababli, otasi notariusda hujjatlarni imzolab, oilaviy uyni garovga qo‘yishga rozi bo‘lgan.

Keyinchalik, garov sifatida imzolangan hujjat oldi-sotdi shartnomasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qiz va uning ota-onasi vaziyatni hal qilishga uringanida, Shahzod xorijga qochib ketgani, uy esa allaqachon Karimov nomiga rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi, jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u uyni bo‘shatishni talab qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda Shahzod Dubayda Interpol liniyasi bo‘yicha qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Biroq, qizning ta’kidlashicha, jinoyat ishi faqat unga tegishli — unda Karimov figurant sifatida ishtirok etmaydi. Blogerning ta’kidlashicha, u oilasini birinchi marta notariusda ko‘rgan va o‘z mablag‘iga uy sotib olgan. U o‘zini bitimning chetdagi ishtirokchisi va xuddi shunday jabrlanuvchi deb atadi.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 2024-yil avgust oyida sodir bo‘lgan. 1997-yilda tug‘ilgan yigit 1999-yilda tug‘ilgan qizga uylanish bahonasi bilan uning ishonchiga kirgan. Biroq to‘ydan oldin mavjud muammolarni ro‘kach qilib, uyni garovga qo‘yishga ko‘ndirgan va ular hal bo‘lganidan keyin uylanishga va’da bergan. Shundan so‘ng, u uyni aldov yo‘li bilan boshqa bir fuqaroga 240 ming dollarga sotib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak qamoqqa olindi, u 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida fuqaro boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik harakatlarini sodir etgani aniqlangan.

Barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari to‘liq va xolisona olib borilmoqda, tergov yakunida to‘plangan materiallar ayblov xulosasi bilan qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga yuborilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi doirasida sud jarayonlari davom etmoqda, — deyiladi idora xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda avtosalon o‘nlab mijozlarni milliardlab so‘mga chuv tushirgandi. “Premier Motors Auto” menejeri va xodimlari avtomobillarni sotish va sotib olishda keng ko‘lamli firibgarlikda gumon qilinmoqda.