Toshkentda bog‘cha tarbiyalanuvchilari qo‘llarini ko‘targan holda devor yonida turishga majburlandi
Bolalar ombudsmani vaziyatni nazoratga olgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi bog‘chalardan birida tarbiyalanuvchilar kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani NOVA24 holatiga izoh berdi.
Hodisa 7 va 8-iyul kunlari poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi bolalar bog‘chalaridan birida sodir bo‘lgan. Tarbiyachi jazo tariqasida bolalarni devor yonida turib, qo‘llarini yuqoriga cho‘zishga majbur qilardi. Qolaversa, bitta konkret bolani emas, hammani jazolashgan.
Bolalar ombudsmani idorasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holati nazoratga olinganini ma’lum qildi. Hozirda holat ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilmoqda, tekshiruv natijalari bo‘yicha ma’lumot beriladi.
“Tarbiyaning bunday usullariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va bu bola shaxsining qadr-qimmatini kamsituvchi jismoniy jazo turi hisoblanadi”, — deya ta’kidladi Bola huquqlari bo‘yicha vakil idorasi.
Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati ham munosabat bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, holat “Karyera obrazovaniya” xususiy bog‘chasida sodir bo‘lgan.
Tushlik vaqtida tarbiyachi mustaqil ovqatlana olmaydigan tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilaridan birini ovqatlantirayotganda, boshqa bolalar ovqatlanib bo‘lib, ruxsatsiz oshxonadan yugurib chiqishdi.
“Bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tarbiyachi ularni bir chiziqqa saflantirib, 2-3 daqiqa davomida kuzatuv ostida ushlab turgan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur holatdan so‘ng bog‘cha ma’muriyati tomonidan tayyorlov guruhi tarbiyachisidan tushuntirish xati olingan. Shuningdek, tarbiyachilar va boshqa xodimlar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, bu kabi holatlar takrorlanmasligi haqida ogohlantirildi.
Mavzuga doir: “Og‘ziga choyshab tiqib, bo‘g‘ib, yuziga urgan”: Tarbiyachi bog‘chada ikki yoshli bolani qiynab o‘ldirdi
Izohlar