Hodisa

Toshkent viloyatida ko‘p qavatli turar joy binosining noqonuniy qurilishi to‘xtatildi

Qurilishda mehnat muhofazasi qoidalariga ham rioya qilinmagan va ishchilar xavf ostida qolgan.

Toshkent viloyatida ko‘p qavatli turar-joy binosining noqonuniy qurilishi aniqlandi, deya xabar bermoqda Arxitektura va qurilish sohasida nazorat agentligi axborot xizmati.

Voqea Quyi Chirchiq tumanida sodir bo‘lgan. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida ko‘p qavatli turar joy binosining noqonuniy qurilishi aniqlangan. Obyektning alohida bloklari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, tasdiqlangan loyiha hujjatlari va qurilish nazoratisiz qurilgan.

Bundan tashqari, qurilishda ruxsat beruvchi hujjatlar bo‘lmagan, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilinmagan va ishchilar xavf ostida bo‘lgan. Shuningdek, bino konstruksiyasida nuqsonlar aniqlangan — yuk ko‘taruvchi beton yuzalarida bo‘shliqlar mavjud, poydevor ostida suv to‘plangan, bu esa uyning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qo‘pol qoidabuzarliklar tufayli qurilish to‘xtatildi. Quruvchiga barcha kamchiliklarni bartaraf etish va ishlarni qonunchilikka muvofiq amalga oshirish majburiyati yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, Termizda turar-joy majmuasi qurilishida yuzlab daraxtlar kesilgandi. Quruvchi nomaqbul mavsum tufayli ko‘chirishga ruxsat ololmagan. Zarar ko‘rgan daraxtlar orasida eldor qarag‘ayi, virginiya archasi, sharq biotasi, zarang va boshqa turlar borligi aniqlangan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная