Toshkent viloyatida kanalizatsiya suvini Chorvoqqa oqizib yuborgan suv ombori ishchisi jazolandi
Qazilgan ariqlar va yotqizilgan quvurlar demontaj qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi ayrim dala hovli egalari kanalizatsiya tizimlarini Chorvoq suv omboridan oqayotgan iflos suv tasvirlari tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati holatga izoh berdi.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, holat Bo‘stonliq tumani bo‘limi xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. Mutaxassislar “Burchmulla” mahallasi aholisi haqiqatdan ham Chorvoq suv ombori yaqinida ariqlar qazib, xo‘jalik, yomg‘ir va sug‘orish suvlarini oqizish uchun maxsus quvurlar o‘rnatganini aniqladi.
Natijada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu hudud uchun mas’ul bo‘lgan suv ombori xodimiga nisbatan 82-modda 2-qismi (Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Erkak BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Qayd etilishicha, qazilgan ariqlar va yotqizilgan quvurlar mutaxassislar tomonidan demontaj qilingan.
Avvalroq aholi Chorvoq ifloslanishi mumkinligidan xavotir bildirgandi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda suvga oqib ketayotgan kanalizatsiya quvurlari ko‘rindi.
Izohlar