Toshkent viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari ekologik qoidabuzarliklar sababli yana 10 ta issiqxona faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar Toshkent tumanida joylashgan issiqxonalar bo‘ylab reydlar o‘tkazgan. Xususan, ishchi guruh tomonidan Chig‘atoy, Kensoy, Qirariq, Ko‘ksaroy va Shamsiobod mahallalaridagi 32 ta issiqxonada reyd tadbirlari o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida mutaxassislar ko‘mir bilan isitiladigan 10 ta issiqxonada havoni tozalash uchun filtrlovchi qurilmalar mavjud emasligini aniqladi.

Bundan tashqari, uchta issiqxonada chiqindilarni yoqish holatlari aniqlandi. Natijada barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha hududiy ekologiya bo‘linmalari tomonidan dalolatnomalar tuzilib, 10 ta issiqxona faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mutaxassislar tomonidan ko‘mir yoqishda o‘rnatiladigan filtr qurilmalariga qo‘yiladigan talablar va chiqindilarni belgilangan tartibda utilizatsiya qilish bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi.

Avvalroq Toshkent yaqinida “chiqindilarni qayta ishlash” sexi chiqindi va plastiklarni yoqib yuborgani haqida xabar berilgandi. Chiqindilarni shu yo‘l bilan yaqin atrofda joylashgan temirchilik ustaxonasi ham yo‘q qilgan.