Samarqandda piyodalar o‘tish joyida sakkiz kishini urib yuborgan haydovchi qamoqqa olindi
Erkak juda katta tezlikda bolalar ham bo‘lgan bir guruh odamlarga kelib urilgan.

Samarqandda piyodalar o‘tish joyida bir guruh odamlarni urib yuborgan Lacetti haydovchisiga nisbatan hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda YHXX axborot xizmati.
Erkak katta tezlikda 8 kishini urib yuborgan. U Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topildi.
Ikki yoshli qizimni o‘nlab metrga uloqtirib yubordi. Yonimda homilador opam va uning chaqalog‘i bor edi. Singlimni qutqarishning iloji bo‘lmadi. Qizining ahvoli og‘ir edi. Qizim ham operatsiya qilindi. Nogironlik xavfi bor edi, u hali ham oqsoqlanib yuribdi, — deydi jabrlanuvchilardan biri.
Ayblanuvchi 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, u 3 yilga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilingan.
Men kelganimda xotinim vafot etgan ekan. Eng qiyini uyga qaytib, bolamdan “onam qayerda, qachon keladi?” degan gapni eshitish edi. Qanday tushuntirishni bilmay qoldim, — deydi marhumalardan birining turmush o‘rtog‘i.
Eslatib o‘tamiz, hodisa 11-aprel kuni Samarqand shahrining Rudakiy ko‘chasida sodir bo‘lgandi. Kadrlarda kattalar va bolalar bo‘lgan 8 kishidan iborat guruh piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganda, ularga katta tezlikda Lacetti haydovchisi kelib urilganini ko‘rish mumkin. Zarba odamlarni bir necha metr oldinga uloqtirdi. Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, Lacetti’ni 28 yoshli haydovchi boshqargan.
Izohlar