Samarqand viloyatida ko‘p qavatli uylardan birida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, 3,5 mlrd so‘m zarar yetkazgan korxona aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar 21 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar-joy binosi korxonasi tegishli loyiha hujjatlarini rasmiylashtirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqlarga ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganini aniqlagan. Oqibatda, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tashkilotga 3 mlrd 560 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirida elektr ta’minoti korxonasiga tegishli bo‘lgan do‘kon ham o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, shartnoma tuzmasdan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan. Shuningdek, u 173,4 mln so‘m zarar yetkazgan. Hozirda ikkala holat bo‘yicha ham huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Jizzax viloyatida oilaviy korxona milliardlab so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari vaziyatni o‘rganmoqda.