Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlarga hujum qilgan yana bir gumonlanuvchi qo‘lga olindi
Huquq-tartibot idoralari voyaga yetmagan shaxsni tergov organlari qo‘liga topshirdi.

Rossiyada huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘zbekistonlik muhojirlar bilan mojaroda ishtirok etgan yana bir gumonlanuvchini qo‘lga oldi, deb yozadi TASS.
Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari bezorilik harakatlarida gumon qilinayotgan 15 yoshli rossiyalikni qo‘lga oldi va keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun tergov organlariga topshirdi. Voqea 13 sentyabr kuni Vladivostokda sodir bo‘lgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, bir guruh rossiyalik yoshlar mast holatda bir qator qonunbuzarliklarni sodir etgan.
Xususan, yigitlar to‘xtab turgan avtomobilga sababsiz shikast yetkazgan va salon ichiga aerozol ballonini sepib yuborgan, shundan so‘ng yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilib, uni kaltaklagan, shuningdek, huquqbuzarlar Xabarovsk ko‘chasidagi kecha-yu kunduz ishlaydigan do‘konga bostirib kirib, xaridorlar va sotuvchi ishtirokida erkakka hujum qilgan.
Bundan tashqari, huquqbuzarlar ko‘chada taksi haydovchisi va uning yo‘lovchisiga ham hujum qilib, tosh va boshqa buyumlar uloqtirib, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan va shu yerning o‘zida yana bir fuqaroni kaltaklagan. Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Hozirda tartib posbonlari ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan, ulardan biri hamon qidiruvda.
Izohlar