Qoraqalpog‘istonda Milliy gvardiya xodimlari “Qizil kitob”ga kiritilgan saksovul o‘simligini noqonuniy ravishda kesgan fuqaroni qo‘lga olishdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.
To‘rtko‘l tumanidagi “Oqqamish” mahallasida o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro davlat muhofazasiga olingan noyob o‘simlikni noqonuniy kesib, Mercedes Benz 208 rusumli yuk mashinasida olib ketayotgan bo‘lgan.
Saksovul o‘simligi qum ko‘chishining oldini olish, tuproqni mustahkamlash va biologik xilma-xillikni saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun uni noqonuniy kesish va olib chiqib ketish qonun bilan qat’iyan taqiqlanadi, — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. U 25 BHM (10,3 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar uchun da’vo summasi 576 800 so‘mni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroda reyd chog‘ida jabrlangan Ekologiya boshqarmasi xodimlari taqdirlangandi. Noqonuniy ravishda saksovul kesgan jinoyatchilar qo‘lga olish chog‘ida faol qarshilik ko‘rsatgan va inspektorlarni jarohatlagan.






















