Qashqadaryo viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari suyultirilgan gazni noqonuniy sotishga urinishning oldini oldi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan aniqlanishicha, mahalliy korxona rahbari fuqarolarga imtiyozli asosda tarqatish uchun mo‘ljallangan 10 200 kg suyultirilgan gazni tanishi bilan 76,5 mln so‘mga sotishga kelishib olgan. Departament xodimlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar KamAZ rusumli yuk avtomobiliga 10 360 kg gaz yuklayotgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, qo‘lga olinganlardan 35 mln so‘m va 2000 dollar pullar ashyoviy dalil sifatida olingan. Natijada huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan gaz talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi. Ta’minotchi hujjatlarni qalbakilashtirib, yoqilg‘ini chetga sotdi.




















