Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida hukmdan norozi bo‘lgan advokat sudyalarni haqorat qilishni sud jarayonining o‘zidayoq videoga ola boshladi, deb xabar bermoqda viloyat sudyalar kengashi matbuot xizmati.
Kadrlardan ko‘rish mumkinki, sud jarayoni yakunlangach, raislik qiluvchi sudyaning mazmunini taraflarga tushuntirayotgan bir paytda, advokat chiqarilgan qarordan norozi bo‘lib, sudyalarni haqorat qila boshlagan. Holatga huquqiy baho berish uchun materiallar prokuratura organlariga, shuningdek, viloyat Advokatlar palatasi boshqarmasiga yuborilgan.
Sudda sud qaroridan norozi taraflar qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli ekanligi eslatib o‘tildi. Bunda sudyalarni haqorat qilish, ularga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish va tazyiq o‘tkazishga urinish qonunga xilof hisoblanadi va huquqiy baholanishi lozim.
Sud protsessining barcha ishtirokchilari, shu jumladan advokatlar qonun hujjatlari talablariga, sud etikasi normalariga rioya etishlari va sud hokimiyatining obro‘sini hurmat qilishlari shart. Sudyalarning mustaqilligi, ularning daxlsizligi, shuningdek, sudda tartibni ta’minlash mamlakat huquqiy tizimining asosiy tamoyillaridan biri sifatida qayd etilgan, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda ikki nafar sudya qoidabuzarlik uchun ishdan bo‘shatilgandi. Sudyalar oliy kengashi buning sabablarini ma’lum qildi.
























