Qamchiq dovonida sement ortilgan yuk mashinasi yonib ketdi — video
Yong‘inga dvigatel bo‘linmasidagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan, qutqaruvchilar yukni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

2-iyul kuni Qamchiq dovonida harakatlanayotgan “Iveco” yuk mashinasining motor qismi yonib ketgan. Bu haqda FVV NOVA24`ga ma’lum qildi.
Hodisa soat 20:54 da Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tuvchi A-373 “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining 150,3 km da sodir bo‘lgan. Harakat vaqtida “Iveco” yuk mashinasining motor qismi yonib ketgan. Yong‘inga dvigatel bo‘linmasidagi elektr simlarida qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Yuk mashinasida 24 tonna sement bor edi.
Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 20:57 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 20:59 da qurshab olingan va soat 21:00 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida avtomobilning saloni va yuk bo‘limi qisman zararlangan. Qutqaruvchilarning tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida yuk to‘liq saqlab qolindi.
Eslatib o‘tamiz, Andijonda masjid yonida yuk mashinasi yonib ketgandi. Mutaxassislar hodisa sabablarini aniqlamoqda.
Izohlar