Hodisa

O‘zbekistonda avtomobillarni Tojikistonga noqonuniy olib chiqib ketayotgan UJG fosh etildi — video

Olib chiqib ketilgan barcha transport vositalari qo‘shni davlat hududida sotilgan.

O‘zbekistonda avtomobillarni Tojikistonga sotish uchun olib chiqib ketayotgan jinoiy guruh aniqlandi, deb xabar bermoqda DBQ matbuot xizmati.

Bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillarni Tojikistonga sotish uchun olib chiqib ketish bilan shug‘ullangan 8 nafar shaxs topildi. Ular BYD, VOLKSWAGEN, KAIYI X3, HONDA, GEOMETRY, FAW ID4 rusumli 59 ta avtomashinani har biri uchun 100 dollardan 200 dollargacha bo‘lgan to‘lov evaziga olib o‘tishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu transport vositalarining barchasi qo‘shni davlat hududida noqonuniy ravishda sotilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlanib, tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish materiallari tergov organlariga topshirildi.

“Fuqarolardan shaxsiy avtomobillarini ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga berishda hushyor bo‘lishlarini so‘raymiz. Agar ishonchnoma bilan berilgan avtomobilni qaytarishda qiyinchiliklarga duch kelsangiz yoki transport vositasi O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib ketilganiga shubha qilsangiz, zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekistonda firibgarlar past foizli avtomobil va’da qilib, pul bilan g‘oyib bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Yuzlab fuqarolar jabrlangan, yetkazilgan zarar 50 milliard so‘mdan ortiq deb baholanmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная