O‘zbekiston chegarachilari ikki qirg‘izistonlikni otib o‘ldirdi
Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara idoralari rahbarlari qo‘shma muhokama o‘tkazishga kelishib oldi.

O‘zbekiston chegarachilari ikki qirg‘izistonlikni otib o‘ldirdi, deb xabar bermoqda Vesti Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga tayanib.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 25-avgust kuni Chotqol tumani Ayg‘ir-Jal qishlog‘ida yashovchi ikki kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar kelib tushgan. 28-avgust kuni O‘zbekiston tomoni chegara vakillari 15-avgust kuni O‘zbekiston hududida, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi chegaralari tutashgan hududda O‘zbekiston chegara naryadi tomonidan ikki nafar noma’lum fuqaro aniqlanganini ma’lum qildi.
“O‘zbek tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, ularni qo‘lga olishga urinish paytida, talablarga bo‘ysunmaganligi sababli, chegarachilar qurol ishlatishga majbur bo‘lgan. Natijada, ikkala fuqaro ham hayot bilan sira mos kelmaydigan o‘qotar qurol jarohatlari olgan”, — deya xabar berdi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegarani qo‘riqlash xizmati.
Yo‘qolgan fuqarolarning qarindoshlari 31-avgust kuni O‘zbekistonga borib, ularni tanib olishgan. 1-sentyabr kuni “Baymak” nazorat-o‘tkazish punkti orqali Qirg‘iziston Respublikasi ikki fuqarosining jasadi Qirg‘iziston tomoniga topshirildi va ekspertiza o‘tkazish uchun o‘likxonaga yetkazildi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara idoralari rahbarlari 2-sentyabrdan boshlab joyida qo‘shma muhokama o‘tkazishga kelishib oldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni halok bo‘lgan fuqarolarning topilgan mol-mulki — uchta ot va chodirni Qirg‘izistonga topshirishga tayyorligini bildirdi.
“Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati sodir bo‘lgan voqeadan chuqur xavotir bildiradi. Fuqarolarimizning o‘limi bilan bog‘liq holatlar atroflicha o‘rganilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida otishma yuz berdi. Cho‘ponlar chegarachilarga tosh otishdi va avtomatlardan o‘q uzildi.
Izohlar