Navoiyda ikkita dor yo‘li faoliyati to‘xtatildi
Ikkala attraksion ham texnik talablarga javob bermadi va nosozliklar bartaraf etilgandan so‘ng qayta ishga tushirilishi mumkin.

Navoiy viloyatida ikkita osma dor yo‘li texnik talablarga javob bermasligi sababli mutaxassislar tomonidan to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Xatirchi tumanining Langar qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 10-avgust kuni mutaxassislar voqea joyiga yetib borib, ushbu hududda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan ikkita osma dor yo‘lining texnik holati va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini o‘rgandi.
Tahlillar natijasida mutaxassislar yo‘llarning texnik talablarga javob bermasligini aniqladi. O‘rganish davomida mutaxassislar tomonidan mutasaddilarga tegishli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, tegishli ruxsatnoma olinmaguncha yo‘llardan foydalanishga taqiq joriy etildi.
Vazirlik fuqarolarni baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida mamlakatdagi madaniyat va istirohat bog‘lari hamda boshqa ko‘ngilochar hududlarda o‘rnatilgan texnik nosoz yoki shubhali attraksionlar haqida xabar berishga chaqirdi. Buning uchun Qo‘mitaga “attraksion_nazorati” elektron mobil platformasi yoki +71 203-02-39 ishonch telefoni orqali murojaat qilish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistondagi istirohat bog‘larida o‘nlab qo‘lbola attraksionlar topilgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatda mavjud ikki mingdan ortiq mexanizmdan atigi mingtasi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Izohlar