Navoiy viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan sintetik giyohvand moddalar kontrabandachilari qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
1989 va 1994-yilda tug‘ilgan fuqarolarga tegishli ikkita reduktor ko‘zdan kechirilganda, uning ichidan 4 kilogramm 965 gramm “Klefedron” sintetik giyohvandlik vositasi topilgan. Ular postga Qozog‘istondan kirib kelishdi. Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu giyohvand moddani qabul qilishi kerak bo‘lgan yana uch nafar sherigi qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, modda turli messenjerlar orqali giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Rossiya fuqarosi tomonidan yuborilgan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota shahrida yashovchi 1978-yilda tug‘ilgan fuqaroning uyidan 5 kilogramm, Qibray shahrida yashovchi 1974-yilda tug‘ilgan fuqaroning uyidan esa 2 kilogramm 326 gramm marixuana giyohvandlik vositasi topib olingan. Ular o‘z uylarida giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirib, sotish uchun saqlaganlar. Mazkur shaxslarga nisbatan ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning ikki viloyatida giyohvand moddalarni noqonuniy aylantirishga urinishlar to‘xtatilgandi. Maxsus operatsiyalar natijasida tartib posbonlari 30 kilogrammga yaqin giyohvand moddalarni musodara qilishga muvaffaq bo‘lishdi.



















