Hindiston o‘z talabalarini O‘zbekistondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga kirmaslikka chaqirdi
Talabalar bosim, tahdidlar, yomon sharoitlar va yuqori narxlardan shikoyat qilgan.

Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (NMC) xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan hindistonlik talabalarni to‘rtta oliy o‘quv yurtiga, jumladan, uchtasi Belizda va bittasi O‘zbekistonda o‘qishga kirmaslikdan ogohlantirdi.
Ro‘yxatga Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filiali ham kiritilgan. Ma’lum qilinishicha, OTM 2021 yildagi FMGL reglamentida belgilangan chet ellik talabalarni tayyorlash talablarini buzmoqda. Asosiy muammolar quyidagilar bo‘ldi:
- zaif klinik baza va infratuzilma;
- lozim darajada akkreditatsiya qilinmagani;
- oshirilgan va qaytarilmaydigan to‘lovlar yuzasidan shikoyatlar;
- talabalarga tahdid va bosim o‘tkazish;
- o‘qish shartlarining keyinchalik Hindistonda ro‘yxatdan o‘tish talablariga muvofiq emasligi.
Ushbu OTM bitiruvchilari Hindistonda tibbiy amaliyot o‘tash uchun litsenziya ololmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi tibbiyot oliygohida tahsil olayotgan xorijlik Reddit sahifasi orqali ta’lim tizimidan shikoyat qilgandi. Hindistonlik birinchi kurs talabasining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasi — bu qo‘rqinchli tush.
Keyinroq Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent tibbiyot akademiyasida bo‘lib, hindistonlik talabaning ta’lim sifati pastligi haqidagi shikoyatidan so‘ng hindistonlik talabalar bilan suhbat o‘tkazdi.
Izohlar