Farg‘ona viloyatida 2023-2024 yillarda tadbirkorlarga ajratilgan 1,4 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi, deb xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.
Mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilib, 2023-2024 yillarda Farg‘ona viloyati tadbirkorlariga ajratilgan jami 9,3 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘larining qariyb 1,4 mlrd so‘mi noqonuniy o‘zlashtirilganligi aniqlangan. Xususan, Uchqo‘rg‘on tumanida 37 nafar kasanachiga asbob-uskunalar yetkazib berish uchun ajratilgan 309,4 mln so‘m mablag‘ 2 ta yuridik shaxs tomonidan o‘zlashtirilgan.
Rishton tumanida 1 ta yuridik shaxs 42 nafar kasanachini asbob-uskuna bilan ta’minlamay, 277,2 mln so‘mni o‘zlashtirgan bo‘lsa, Bag‘dod tumanida 2 ta yuridik shaxs 275,0 mln so‘mni o‘zlashtirib, 54 nafar kasanachini asbob-uskunasiz qoldirgan. Bunday holatlar mutaxassislar tomonidan boshqa tumanlarda ham qayd etilgan:
- Beshariq tumani — 1 ta yuridik shaxs tomonidan 33 ta kasanachi 192,4 mln so‘mlik asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagan;
- Qo‘qon — 1 ta yuridik shaxs tomonidan 17 ta kasanachiga 160,5 mln so‘mlik asbob-uskunalar yetkazib berilmagan;
- Farg‘ona tumani — 1 ta yuridik shaxs tomonidan 14 nafar kasanachi 106,3 mln so‘mlik asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagan;
- Farg‘ona — 1 ta yuridik shaxs tomonidan 15 ta kasanachiga 98,0 mln so‘mlik asbob-uskunalar yetkazib berilmagan;
- Dang‘ara tumani — 1 ta yuridik shaxs 7 ta kasanachini 51,0 mln so‘mlik asbob-uskunalar bilan ta’minlamagan.
Bundan tashqari, tekshiruv davomida viloyatga jami 335,0 mln so‘mlik subsidiyalar noqonuniy ajratilgani aniqlandi. Xususan, 6 nafar fuqaro qonun talablarini buzgan holda noqonuniy ravishda ikki hissa to‘lov olib, 34,9 mln so‘m pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, mutaxassislar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 47 nafar fuqaroga ham 300,1 mln so‘mlik subsidiyalar qayta ajratilganini aniqladi. Qayd etilishicha, monitoring o‘tkazishda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Natijada huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalarni butunlay bekor qilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. “Issiqlik ta’minoti” kompaniyasi boshqaruvi raisi bunday tizim soha rivojiga to‘siq bo‘layotganini aytgan.



















