DXX fuqarolarga Xorvatiyada ishlashni va’da qilgan firibgarlarni qo‘lga oldi
Jinoyatchilardan biri firibgarlik uchun ilgari sudlangan bo‘lib chiqdi.

Toshkent va Namanganda fuqarolarga pul evaziga Xorvatiyaga ishga joylashtirishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Birinchi holatda muqaddam firibgarlik uchun sudlangan buxorolik erkak Toshkent va Qashqadaryo viloyatida yashovchi uch nafar fuqaroga o‘zini sayyohlik firmasi xodimi sifatida tanishtirib, Xorvatiyadagi tanishlari yordamida ularni ish vizasi bilan ishga yuborishini aytib, buning uchun 6 ming dollar talab qilgan. U Toshkentda 3 ming dollar olayotganida qo‘lga olingan.
Ikkinchi holatda esa Namanganda mahalliy fuqaro uch nafar fuqaroni Xorvatiyaga, u yerda ishlaydigan akasining oldiga yuborishga va’da bergan. Buning uchun u har biridan 2,6 ming dollardan (jami 7,8 ming dollar) talab qilgan. DXX xodimlari firibgarni 3,9 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olgan.
Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (Katta miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Firibgarlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari odam savdosiga urinishning oldini olgandi. Samarqandlik ayollar Hindistonga ishga joylashish niqobi ostida qizlarni jinsiy qullikka yuborishga uringan.
Izohlar