Andijonda umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birining oshxonasi yonib ketdi — video
Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori hozircha aniqlanmagan.

12-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birining oshxonasida yong‘in chiqqani haqida xabar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in haqidagi xabar FVB xodimlariga soat 10:58 da kelib tushgan. Andijon shahar “Kengash” MFY Cho‘lponshoh ko‘chasidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 11:01 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 11:15 da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida oshxonaning tashqi devori qoplamasi shikastlangan, hech kim jabrlanmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatidagi “Uch qahramon” bozorida yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Qutqaruvchilar yong‘inni ikki soatdan ko‘proq vaqt davomida o‘chirgan, yong‘in sabablari haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Keyinroq huquq-tartibot idoralari yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Aybdorlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Izohlar