11-noyabr kuni Andijon viloyatida avtomatik monitoring stansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, havo sifati keskin yomonlashgan, deb xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Soat 10:00 da Andijon atmosferasida PM10 mayda zarrachalarining konsentratsiyasi 502 mkg/m³ ni tashkil etdi, bu ruxsat etilgan soatlik me’yordan 1,0 baravar yuqori. PM2,5 mayda dispers zarrachalarining konsentratsiyasi 314 mkg/m³ ni tashkil etdi, bu ruxsat etilgan soatlik me’yordan 8,9 baravar yuqori.

Andijon aholisi va mehmonlariga ko‘chaga chiqayotganda ehtiyot choralarini ko‘rish va niqob taqish tavsiya etiladi, — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni ertalabdan Toshkentda ham havo sifati juda zararli ko‘rsatkichlargacha pasaygandi. PM2.5 mayda dispers zarrachalarining tarkibi JSST tavsiya etgan qiymatdan 26 baravar oshdi.