Andijon viloyatida bir guruh voyaga yetmagan bolalar ko‘p qavatli uy hovlisida janjal ko‘tardi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 7-noyabr kuni Andijon shahrining Mustaqillik mahallasida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari voyaga yetmagan ikki mahalliy fuqaro o‘rtasida janjal kelib chiqqanini, janjal mushtlashuvga aylanganini aniqladi. Shuningdek, mojaroga raqibasiga tan jarohati yetkazgan qizlardan birining uch nafar tanishi ham qo‘shilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, tartib posbonlari tomonidan barcha nizo ishtirokchilarining ota-onalariga nisbatan 47-modda (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Avvalroq Samarqandda maktab o‘quvchilari ommaviy mushtlashuv uyushtirgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan ishchi guruh tomonidan IIB bilan hamkorlikda surishtiruv ishlari olib borildi.