Huquq-tartibot idoralari xodimlari 25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosini topib, O‘zbekistonga qaytardi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

DXXning xorijiy maxsus xizmatlar bilan olib borgan ishlari natijasida 2025 yil noyabr oyida xalqaro terrorchilik tashkilotlariga aloqadorligi uchun 25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinib, mamlakatga olib kelindi.

Qo‘lga olingan shaxs diniy-ekstremistik oqimlar g‘oyalari tarafdori bo‘lib, “hijrat” va “jihod” qilish niyatida 1999-yilda O‘zbekistonni tark etgan, Afg‘oniston, Pokiston va Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlari safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan, — deyiladi xabarda.

U o‘zganing nomiga rasmiylashtirilgan qalbaki hujjatlardan foydalanib, MDHga a’zo davlatlardan birining hududida yashiringan va qo‘lga olingan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish), 155-moddasi (terrorizm) va 159-moddasi (O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.