Tramp ijtimoiy tarmoqlarda vafot etdi
Hatto o‘zbekcha Telegram kanallarda ham.

Avgust oyi oxirida Amerika ijtimoiy tarmoqlarida AQSH prezidenti Donald Trampning o‘limi haqidagi nazariya tezda ommalasha boshladi.
Trump is Dead, Trump Died va President Vance so‘rovlari juda qisqa vaqt ichida o‘n minglab postlarni to‘plagan holda X’ning eng mashhurlaridan biriga aylandi. Oq uy vakillaridan rasmiy xabarlar yo‘q.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari quyidagi dalillarni keltirmoqda: AQSH prezidentining qo‘llarida o‘limidan oldin qirolicha Yelizaveta II da bo‘lgani kabi ko‘karishlar bor. Iyul oyida Oq uy Donald Trampga surunkali venoz yetishmovchilik tashxisi qo‘yilganini tasdiqladi — bu shishlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan qon aylanishining buzilishi bilan bog‘liq kasallik. Avvalroq internetda prezidentning oyoqlarida shish borligi aks etgan suratlar paydo bo‘lgandi.
Konspirologlar “pitsa indeksi” — Pentagonga oziq-ovqat buyurtmalari darajasining oshishini ham qayd etishdi, uning o‘sishi harbiy sektorning kuchaytirilgan ishidan dalolat beradi.
27-avgust kuni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens USA Today nashriga bergan intervyusida “qo‘rqinchli” zarurat tug‘ilgan taqdirda prezidentlik lavozimini egallashga tayyorligini aytdi. O‘shandan beri Donald Tramp omma oldida ko‘rinish bermadi, bu uning uchun odatiy hol emas — amaldagi prezident juda ommaviy siyosat yuritadi.
Ehtimol, AQSH prezidenti sog‘lom va ijtimoiy tarmoqlardagi g‘alati nazariyalar orqali bo‘lsa-da, o‘z shaxsiyati atrofida shov-shuvni kuchaytirish uchun ataylab omma oldida paydo bo‘lishga shoshilmayapti. Axios agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, prezident tirik va golf o‘ynamoqda.
Eslatib o‘tamiz, saylovoldi poygasi vaqtida Donald Trampga suiqasd uyushtirilgan, merganning o‘qi siyosatchining faqat qulog‘iga tegib o‘tgandi. Shavkat Mirziyoyev suiqasdni qoraladi va Donald Trampga tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
Izohlar