“Tolibon” Rossiya, AQSH va Xitoyga Afg‘oniston uchun kurashishni taklif qildi
Afg‘oniston mudofaa vaziri mamlakatlar qurilish va energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha raqobatlashishi kerakligini aytdi.

Afg‘oniston harbiy yo‘l bilan emas, balki energetikaga sarmoya kiritish va ko‘priklar qurish orqali raqobatlashishni taklif qildi, deb yozadi Amu TV.
Afg‘oniston mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohidning aytishicha, mamlakatlar Afg‘onistonga nisbatan “yovuz niyatlardan” voz kechishi kerak, chunki Kobul dushmanlik kayfiyatida emas va “barcha bilan islom shariati asosida yaxshi munosabatda bo‘lishni” istaydi.
“Na ruslar, na xitoyliklar Afg‘oniston Amerika ko‘rsatmasi bilan ularga qarshi harakat qiladi yoki o‘z hududidan ularga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘yadi, deb hisoblamaydi. Amerikaliklar esa Rossiya yoki Xitoy kelib, bu hududdan o‘zlariga qarshi foydalanishiga ishonmayapti. Keling, savdo qilaylik. Kelinglar, qarama-qarshilik yo‘li bilan emas, to‘g‘onlar, yo‘llar, zavodlar qurish, elektr energetika loyihalariga sarmoya kiritish orqali bir-birimiz bilan raqobatlashaylik”, — dedi u.
Vazir, shuningdek, afg‘onlar bir necha bor mustaqillikni yo‘qotgani, ammo “Tolibon”ning hokimiyatga qaytishi mustaqillikning yangi shakli bo‘lganini aytdi. U “uchinchi martadan saboq chiqarib”, mamlakat aholisini “fitna va kelishmovchiliklar”ni bartaraf etish uchun birlashishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energetikasi sohasida to‘rtta yirik loyihani amalga oshirmoqda. Qurilish mahalliy resurslardan maksimal darajada foydalangan holda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishiga va’da berildi.
Izohlar