Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli dasturiy maqolasini e’lon qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarni hal qilmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab bo‘lmaydi. Prezident ushbu mamlakat umumiy mintaqaning chekkasi emas, balki tabiiy qismi ekani, butun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik mustahkamligi ko‘p jihatdan Afg‘onistonning tiklanishi va taraqqiyotiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Afg‘onistonning jafokash xalqi chuqur gumanitar inqiroz sharoitida yashashda davom etmoqda. Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlari Afg‘onistonni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga izchil jalb etish zarurligidan kelib chiqmoqda. Bu esa ushbu mamlakat taraqqiyoti va keng mintaqamizda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lishi kerak bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘li qurilishi muhim ahamiyatga ega. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi savdo, investitsiyalar va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, afg‘on xalqini gumanitar va ta’lim jihatidan qo‘llab-quvvatlash, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ishlari davom ettirilmoqda.
Afg‘oniston umumiy tinchlik va xavfsizlik, hamkorlik va taraqqiyot makonining bir qismiga aylanishi lozim. Bu mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlariga javob beradi hamda Markaziy Osiyoning janubiy sarhadlarida barqarorlik belbog‘ini shakllantirishga xizmat qiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Pokiston bilan ziddiyatda Afg‘onistonga yordam bergandi. O‘zbekiston tomoni afg‘on meva-sabzavotlarini Rossiya, Xitoy va Hindistonga eksport qilish uchun havo yo‘lagini ochdi.
Avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonga ko‘proq elektr energiyasi yuborishi haqida xabar berilgandi. Energetika vazirligi rahbari mamlakat hukumati hisob-kitoblarni muntazam ravishda to‘lab borayotganini aytgan.





















