Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabrikladi
Prezident Ukraina xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabrikladi, deb xabar qildi Ukraina rahbari X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Davlat rahbari Vladimir Zelenskiy va butun Ukraina xalqini Ukraina milliy bayrami — Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
“Ishonchim komil, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan munosabatlar bundan buyon ham xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida rivojlanib boraveradi. Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman”, — deyiladi maktubda.
Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevga tabrik uchun minnatdorlik bildirdi.
“Ishonchim komilki, davlatlarimiz Ukraina va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida samarali hamkorlikni yanada rivojlantiradi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi”, — deb yozdi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga Ukrainadan bolalar dam olish va reabilitatsiya uchun tashrif buyurgan edi. Reabilitatsiya dasturi doirasida har kuni tematik mashg‘ulotlar, ijodiy tanlovlar, sport tadbirlari va sayohatlar rejalashtirilgan.
Izohlar