Dunyo

Rossiyada o‘zbekistonlik zavodga o‘t qo‘yib, terrorchilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgani aniqlandi

Erkak jinoyat videosini internetda tarqatib, so‘ngra Afg‘onistonga ketmoqchi bo‘lgan.

Rossiyada huquq-tartibot idoralari xodimlari Kubandagi neftni qayta ishlash sanoat obyektida O‘zbekiston fuqarosi sodir etmoqchi bo‘lgan teraktning oldini oldi, deb yozadi “TASS” mamlakat FXXga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik xalqaro terrorchilik tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun kurator topshiriqlarini bajargan. Erkak Molotov kokteyli tayyorlagan va neftni qayta ishlash obektlaridan birining yotoqxona binosini yoqib yuborishni rejalashtirgan.

Huquqbuzar sodir etilgan jinoyat videosini internetda tarqatib, aholini qo‘rqitmoqchi bo‘lgan, birozdan so‘ng Afg‘onistonga borib, xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 30-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish), 205-moddasi (Terrorchilik harakati), shuningdek 205.5-moddasi (Terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Rossiyada jinoyatlarni ko‘proq muhojirlar orasida sodir etishi haqida xabar berilgandi. 2025-yil boshidan buyon chet elliklar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni sezilarli darajada oshgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная