Qozog‘istonda gonkong grippi bilan kasallanish keskin oshdi Qozog‘istonda gonkong grippi bilan kasallanish keskin oshdi, fuqarolar ehtiyot bo‘lishga chaqirildi, deb xabar berdi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shifoxonalarda 8239 nafar bemor davolanmoqda, ulardan 6809 nafari bolalardir. Qozog‘istonliklar, shuningdek, dorixonalarda, ayniqsa, mavsumiy viruslar va grippga qarshi dori-darmonlar yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. Bosh vazir Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariga bemorlarni sifatli davolashni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Zarur hollarda statsionar o‘rinlar va mobil brigadalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ham topshiriq berildi. U barcha dorixonalarda virusga qarshi dori vositalari mavjudligiga alohida e’tibor qaratishni talab qildi. Tibbiyot xodimlari esa quyidagilarni maslahat berishadi:

  • odamlar gavjum bo‘ladigan joylarga borishni cheklash;
  • xonalarni muntazam ravishda shamollatib turish;
  • qo‘llarga ishlov berish uchun antiseptiklar yoki dezinfeksiyalovchi salfetkalardan foydalanish;
  • O‘RVI va gripp alomatlari paydo bo‘lganda bolalarni uyda qoldirish hamda ularni maktab va bog‘chalarga yubormaslik.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklar maktablarda niqob taqish rejimi joriy etilishidan xavotirga tushgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu masala fuqarolar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ma’lum qildi.