O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa komissiyasining Ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha bosh direktorati ekspertlari bilan maslahatlashuvlarning birinchi bosqichini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Tomonlar mehnat faoliyatini amalga oshirish, o‘qish uchun kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari, yuk mashinalari haydovchilari, shuningdek, sayyohlik guruhlari uchun viza tartib-qoidalarini soddalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Yevropa tomoni viza rejimi soddalashtirilishiga umid qilishdan oldin O‘zbekiston bajarishi kerak bo‘lgan shartlar ro‘yxatini ilgari surdi. Shartlar ro‘yxati oshkor etilmagan. Masala bo‘yicha aniq siljishlar hali yo‘q.

Yuqorida keltirilgan maqsadlarga tezroq erishish uchun shunga o‘xshash maslahatlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, — deyiladi xabarda.

Avvalroq xabar qilinganidek, o‘zbekistonliklar Kipr orqali Yevropaga osonroq bora oladigan bo‘ladi. Toshkentda yil oxirigacha Shengen hududiga qo‘shilishni rejalashtirgan orol davlatining viza markazi ochilgan.