O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston suv-energetika hamkorligi parametrlari va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishib oldi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar suv-energetika sohasidagi hamkorlikning keyingi parametrlari to‘g‘risida kelishib olgan. Ishtirokchilar o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish va kelgusi vegetatsiya davriga tayyorgarlik ko‘rish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilishdi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston Qirg‘izistonga kuz-qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi, bu Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtagul suv omborida suv to‘plash imkonini beradi. To‘plangan hajmni vegetatsiya davrida Janubiy mintaqalarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Birgalikdagi ishlar yaxshi qo‘shnichilik ruhida olib borilayotgani hamda butun Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni tranzit, yetkazib berish va energiya tizimini muvozanatlash uchun texnik shartlarni ta’minlashga tayyorligini tasdiqladi. Yig‘ilish yakunida tomonlar 2026-yil vegetatsiya davri uchun qishki elektr energiyasini yetkazib berish va suvni to‘plash hajmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi uch tomonlama bayonnomani imzoladilar.

Avvalroq Toshkent IEMda ekologik nazorat kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi. Obyektda energiya faqat gaz asosida ishlab chiqariladi.