Dunyo

Kamchatkada so‘nggi 73 yildagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi — video

O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsulxonasi hodisa oqibatida o‘zbekistonliklar jabrlanmaganini ma’lum qildi.

30-iyul kuni Kamchatkada 73 yil ichidagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi, uning magnitudasi 8,7 ballga yetishi mumkin edi, deb xabar berdi RIA Novosti.

7,5 ballgacha kuchli aftershoklar kamida bir oy davom etishi mumkin, butun Kuril orollari bo‘ylab sunami xavfi e’lon qilindi. Zilziladan Petropavlovsk-Kamchatskiy “Yelizovo” aeroporti zarar ko‘rdi — yo‘lovchilar ustiga shift panellari to‘kildi, ular stollar ostiga yashirindi, bir ayol boshini jarohatladi.

Sunami xavfi haqida Yaponiya meteorologiya agentligi ham ma’lum qildi. Sohilbo‘yi hududlari aholisi evakuatsiya qilinmoqda, mamlakatning markaziy qismi va shimoli-sharqida “Sinkansen” tezyurar poyezdlari harakati to‘xtatildi. Chili va Gavayi orollari aholisi ham ogohlantirildi, hozir u yerda sirenalar va ogohlantirishlar yangramoqda.

O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi zilzila oqibatida o‘zbekistonliklar jabrlanmaganini ma’lum qildi. Kamchatka o‘lkasi va Saxalin hududida bo‘lib turgan vatandoshlardan xotirjamlikni saqlash va mahalliy favqulodda xizmatlar ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish, zarur hollarda Bosh konsulxonaning +7 (423) 260-48-00 va +7 (902) 078-70-07 telefon raqamlariga murojaat qilish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand va Myanmada kuchli zilzila sodir bo‘lgandi: uylar va ko‘priklar qulab tushgandi. Bangkokda metro to‘xtatildi, rasmiylar odamlarni uylaridan evakuatsiya qilmoqda, aeroportlar faoliyati ham to‘xtatildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная