Germaniya Pokistonda vaqtincha yashayotgan afg‘onistonlik qochqinlarni vataniga qaytishga rag‘batlantirish uchun ularga pul taklif qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi AtlasPress.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat Ichki ishlar vazirligi Germaniyaga yanada ko‘proq muhojirlarning kirib kelishining oldini olish uchun tegishli tashabbusni ilgari surgan. Xususan, Pokistonda ko‘chirish dasturi doirasida vaqtincha qabul qilingan Afg‘oniston fuqarolari Germaniya migratsiya boshqarmasidan maktublar oldi.
Hukumat o‘z murojaatida muhojirlikdan voz kechish va Afg‘onistonga qaytish uchun dastlab 10 ming yevro mukofot va’da qilgan. Keyinchalik, ularning Pokistondan chiqib ketishiga yordam berish uchun migrantlarga yana 2500 yevro ajratish taklif qilinmoqda. Qayd etilishicha, xususiy holatlardan birida 4 nafar chet el fuqarosidan iborat oilaga darhol 2750 yevro va vatanga qaytganidan keyin yana 11 500 yevro ajratishga va’da berilgan.
Mamlakat IIV vakilining aytishicha, bunday choralar Germaniyada doimiy yashash imkoniyatiga ega bo‘lmagan migrantlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, vazirlik odamlarga o‘z hayotlari haqida “realistik” qaror qabul qilishlari uchun kelajak istiqbollari taqdim etilishini ma’lum qildi.
Avvalroq O‘zbekistonda afg‘onistonlik qochqinlar arosatda qolayotgani haqida xabar berilgandi. Odamlar yarim qonuniy maqomda qolmoqda, uy-joy, oziq-ovqat va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega emas.





















