O‘zbekiston Markaziy banki rahbari Timur Ishmetov Rossiyadan respublikaga go‘yoki oltin yetkazib berilgani haqidagi xorijiy matbuotdagi ma’lumotga izoh berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Regulyator raisining so‘zlariga ko‘ra, paydo bo‘lgan ma’lumotlar mutlaqo ishonchsiz, Markaziy bank esa oltinni boshqa mamlakatlardan sotib olmagan va sotib olmoqchi emas, chunki mamlakatning o‘z zaxiralari yetarli.
Ishmetovning ta’kidlashicha, bir necha oy oldin The Economist jurnali shu mazmundagi materialni e’lon qilgan. Markaziy bankning rasmiy murojaatidan so‘ng tahririyat xatoni tan oldi.
Biz ularga rasman murojaat qilib, bu ma’lumotlarni qayerdan olganliklarini so‘radik va ishonchsizligini aytdik. Keyingi sonida ular xatoni to‘g‘rilashdi, — dedi Ishmetov.
Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, ushbu holat Markaziy bankni hayratda qoldirgan.
Shuning uchun takror aytaman — bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, mutlaqo ma’nosiz ma’lumot. Eng muhimi, bizda bunga talab ham, zarurat ham yo‘q, — dedi Markaziy bank rahbari.
Avvalroq O‘zbekiston qariyb o‘n milliard dollarlik oltin sotgani xabar qilingandi. Qimmatbaho metall barcha eksportning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.
























